AI Ustoz UZ: sun’iy intellektni o‘zbek tilida o‘rganing

Formatlar atlasi · shpargalka

Fayl formatlari va raqamli gigiyena: shpargalka

«Formatlar atlasi» video seriyasining asosiy xulosalari bir sahifada: 10 ta himoya qoidasi, qaysi format qanchalik xavfli va har bir qismdan eng muhim fikrlar.

PDF yuklab olish2 bet, A4, chop etish uchun

10 ta raqamli gigiyena qoidasi

  1. Fayl kengaytmalarini ko‘rinadigan qiling

    Windows’da: File Explorer → Ko‘rinish → Fayl nomi kengaytmalari. Aks holda «hisobot.pdf.exe» dasturi «hisobot.pdf» bo‘lib ko‘rinadi.

  2. Himoyalangan rejimni o‘chirmang

    Protected View yoqiq qolsin; «Enable Editing» tugmasini faqat ishongan manbadan kelgan faylda bosing.

  3. Makrolarni yoqmang

    Internetdan kelgan faylda «Unblock» qo‘ymang: Windows’dagi Office bunday fayllarda makroni sukut bo‘yicha bloklaydi.

  4. Kutilmagan faylni boshqa kanal orqali tasdiqlang

    «Tashkilot» nomidan kelgan kutilmagan faylni telefon qilib yoki rasmiy saytga o‘zingiz kirib tekshiring.

  5. Maxfiy faylni onlayn tekshiruvga yuklamang

    Shubhali faylni virus tekshiruvidan o‘tkazing, lekin maxfiy hujjat yoki bemor ma’lumotini onlayn xizmatga (masalan, VirusTotal) yuklamang.

  6. Noma’lum faylni alohida muhitda oching

    Windows Sandbox yoki virtual mashina asosiy tizimingizga tegmaydi.

  7. Tizim va dasturlarni yangilab turing

    Tizim, brauzer, PDF ko‘rgich va Office: yamoq chiqqan bo‘lsa ham, yangilanmagan tizim zaif qoladi.

  8. Parolli arxivga ehtiyot bo‘ling

    Parol xatning o‘zida kelsa, bu shubhali belgi.

  9. Dasturni faqat rasmiy manbadan yuklang

    Rasmiy do‘kon yoki rasmiy sayt; yuklangan faylning hash qiymati yoki imzosini solishtiring.

  10. Ikki bosqichli himoyani yoqing

    Iloji bo‘lsa, phishingga chidamli usulni tanlang. Microsoft tadqiqotiga ko‘ra, ikki bosqichli tasdiqlash hisob buzilish xavfini taxminan 99% ga kamaytiradi.

Format → xavf darajasi

Muallifning shaxsiy baholashi, rasmiy reyting emas; hujjatlarga tayanadi.

FormatXavf darajasiNima qilish kerak
.txt .mdpastOddiy matn; nomi «fayl.txt.exe» emasligini tekshiring.
.jpg .png .webp .mp4 .mp3pastRasm va media o‘qiydigan kutubxonalarda zaifliklar bo‘lgan (WebP, CVE-2023-4863): yangilanib turing.
.csvo‘rta-pastExcel’da formula sifatida ishlashi mumkin (OWASP); tashqaridan kelganini muharrirda oching.
.doc .docx .xls .xlsx .ppt .pptxo‘rta-pastHimoyalangan ko‘rinishda (Protected View) oching; «Enable Editing» talabiga ishonmang.
.pdfo‘rtaHimoyalangan rejimda (Protected View / Enhanced Security) oching; havola va «kiring» so‘roviga ehtiyot bo‘ling.
.ipa · TestFlight · EU do‘konlario‘rtaApple tekshiruvi bor, lekin rasmiy App Store’dan xavfsizroq emas.
.html .htm .svg (ilova)o‘rta-yuqoriSoxta login sahifasi bo‘lishi mumkin; manzilni tekshiring.
.zip .rar .iso .img (ayniqsa parolli)yuqori / o‘rtaIchida bajariladigan fayl yashirinishi mumkin; avval ichini ko‘ring.
.docm .xlsm .pptmyuqoriMakro; Windows’dagi Office’da internetdan kelganda sukut bo‘yicha bloklanadi; «Unblock» qilmang.
.exe .msi .bat .ps1 .vbs .js .scr .lnkyuqoriIshga tushirilganda to‘liq huquq bilan bajariladi.
.apk (Play’dan tashqarida)yuqoriPlay’dan tashqaridan o‘rnatish (sideloading): manba, imzo va ruxsatlarni tekshiring.

Seriyaning 4 qismi: qisqa xulosa

1-qism

Matn va ma’lumot

  • Matn va ma’lumot formatlari (Markdown, CSV, JSON, Python) sun’iy intellekt uchun eng qulay: oddiy, qisqa, aniq.
  • Bir xil 30 qatorli jadval: toza matnda 525 token, Word (docx) faylining ichki XML’ida 9 493 token, ya’ni taxminan 18 baravar ko‘p.
  • Qoida: ishchi fayl oddiy matn, topshiriladigan fayl chiroyli.
  • CSV katagi =, +, - yoki @ bilan boshlansa, Excel uni formula deb o‘qiydi (OWASP: CSV in’ektsiyasi).
  • Skriptni (.bat, .ps1, .js, .vbs, .py) o‘qish xavfsiz, notanish odamdan kelganini ishga tushirish xavfli.
Videoni ko‘rish

2-qism

Hujjat va ofis

  • Word, Excel va PDF odamga chiroyli, mashinaga murakkab: .docx aslida ZIP arxiv ichidagi XML.
  • Sun’iy intellektga berishdan oldin matn yoki Markdown’ga aylantiring: bepul lokal vositalar MarkItDown (Microsoft), Docling (IBM), Pandoc.
  • Tayyor vosita ham xato qiladi (ikki ustunli PDF aralashib ketdi): natijani doim ko‘zdan kechiring.
  • Bemorning ismi, ID raqami, tashxisi bor hujjatni onlayn konverterga ham, umumiy chatga ham yuklamang: lokal vosita yoki avval to‘liq anonimlash.
  • «Tashkilot» nomidan kelgan PDF: kutilmagan jo‘natuvchi, shoshiltirish, «kiring» havolasi, QR kod — boshqa kanal orqali tasdiqlang.
Videoni ko‘rish

3-qism

Rasm, ovoz va video

  • Claude rasmni 28×28 piksellik bloklarga bo‘lib sanaydi: 1000×1000 rasm 1 296 token; 4K rasm yuqori aniqlik rejimida 4 784 token, standart rejimda 1 560 token.
  • Matn bor bo‘lsa matn bering, jadvalni skrinshot qilmang; rasmni kerak bo‘lmasa kichraytiring.
  • iPhone (HEIC) rasmini JPEG yoki PNG’ga o‘tkazing; animatsion GIF’dan Claude faqat birinchi kadrni oladi.
  • MP4 bu konteyner: ichidagi kodek har xil, shuning uchun bir xil fayl hamma joyda ochilmaydi.
  • Audio va video uchun avval transkripsiya yoki kadrlar; limitlar tez o‘zgaradi, o‘z modelingiz hujjatini tekshiring.
Videoni ko‘rish

4-qism

Kiber xavfsizlik

  • Xavf format nomida emas, uning ichida va uni qanday ochishingizda: hatto rasm ham xavfli bo‘lishi mumkin.
  • Aldov usuli: «hisobot.pdf.exe». Windows kengaytmani yashirsa, faqat «hisobot.pdf» ko‘rinadi.
  • Telefonda eng katta xavf: Play’dan tashqaridan o‘rnatish. Manba, dasturchi va ruxsatlarni tekshiring.
  • Paket va VS Code kengaytmalari: nomni harfma-harf tekshiring, nashriyotchi va o‘rnatishlar soniga qarang; noma’lum papkani Restricted Mode’da oching.
  • Shubhali faylni lokal tekshiring (hash, Defender, Sandbox); onlayn xizmatga maxfiy faylni yuklamang.
Videoni ko‘rish

Asosiy xulosa: format emas, odat va tekshiruv tartibi himoya qiladi. Ochishdan oldin to‘xtang, manbani tekshiring, yangilanib turing, maxfiy ma’lumotni yuklamang.

Ma’lumot 2026-yil oktabr holatiga. Token o‘lchovlari OpenAI tokenizeri (o200k) va Claude hujjati bo‘yicha; boshqa modellarda raqamlar farq qiladi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlar kiritilmagan. Seriya muallifi: shifokor.